
Markaziy bank O‘zbekistonda jismoniy shaxslar o‘rtasida telefon raqami orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish tartibini belgilovchi yangi qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Bu haqidagi hujjat normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e‘lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, fuqarolar Tezkor to‘lovlar tizimi orqali pul yuborishda bank karta yoki hisobvaraq raqamini kiritmasdan, faqat telefon raqamidan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun foydalanuvchi o‘z bank hisobvarag‘ini mobil telefon raqamiga bog‘lashi talab etiladi.
Yangi tartibga asosan, bitta telefon raqamiga faqat bitta bank hisobvarag‘i biriktiriladi. Hisobvaraqni bog‘lash va boshqarish ishlari banklarning mobil ilovalari orqali amalga oshiriladi, ma’lumotlar esa Bank depozitorlarining milliy ma’lumotlar bazasida saqlanadi.
Pul o‘tkazmasini amalga oshirishda jo‘natuvchi telefon raqami yoki maxsus identifikatsiya kodini kiritadi. Tizim avtomatik ravishda mablag‘ oluvchining ma’lumotlarini aniqlab, uning ismi va xizmat ko‘rsatuvchi bankini ko‘rsatadi. Shundan so‘ng foydalanuvchi o‘tkazmani tasdiqlashi mumkin bo‘ladi.
Agar mablag‘ turli banklar o‘rtasida yuborilayotgan bo‘lsa, tizim kerakli bank rekvizitlarini shakllantiradi. Bir bank ichidagi o‘tkazmalar esa ichki tranzaksiya sifatida qayta ishlanadi.
Shuningdek, o‘tkazma amalga oshirilishidan oldin foydalanuvchiga komissiya miqdori va mablag‘ oluvchining shaxsi haqida ma’lumot taqdim etiladi. Tranzaksiya yakunlangach, jo‘natuvchi operatsiya sanasi, vaqti, o‘tkazma summasi, komissiya va boshqa ma’lumotlar aks etgan tasdiqlovchi hujjatni oladi.
Mazkur hujjat loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 13-iyunga qadar davom etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bankdan hujjatlarsiz olinadigan naqd valyuta limiti 500 dollargacha oshirilishi haqida yozgandi.