
Qozog‘iston poytaxti Ostonada Buyuk dasht sivilizatsiyasi yutuqlariga bag‘ishlangan yirik inshoot quriladi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Qozog‘istonda shakllangan zamonaviy prezidentlik boshqaruvi chuqur tarixiy ildizlarga ega. Toqayev bu tizim Oltin O‘rda davridagi siyosiy boshqaruv an’analariga borib taqalishini ta’kidladi.
Prezident yangi Konstitutsiyada qozoq xalqining o‘tmishi Buyuk dashtning ming yillik tarixi bilan uzviy bog‘langani aniq ko‘rsatilganini bildirdi. Shu munosabat bilan yaqin vaqtda Ostonada Buyuk dasht sivilizatsiyasi yutuqlariga bag‘ishlangan ulkan inshoot qurilishi boshlanadi.
Toqayev nutqida xalq birligini mustahkamlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalq birdamligi davlatning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Prezident buni mamlakatning barqaror va uzoq muddatli rivojlanishi uchun muhim omil deb atadi.
Shuningdek, Ulytauda Jo‘chi ulusini o‘rganish instituti tashkil etilgani ma’lum qilindi. Yaqin vaqtda Qozog‘iston tarixiga oid yetti jildlik ilmiy asar ham nashr etiladi. Ushbu asarning bir jildi to‘liq Oltin O‘rda tarixiga bag‘ishlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Toqayev Turkiy davlatlar tashkilotini harbiy ittifoqqa aylantirishga qarshi chiqqani haqida yozgan edi.