Yangiliklar

Dehlidagi mehmonxona yong‘inida O‘zbekiston fuqarolari jabrlanmagani tasdiqlandi

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligi haqida xabar berdi
Foto: Reuters

Dehlining janubiy qismida joylashgan mehmonxonalardan birida 3-iyun kuni yong‘in sodir bo‘lib, katta talafotga sabab bo‘ldi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligi haqida xabar berdi.

Dastlabki rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 21 kishi halok bo‘lgan. Ularning aksariyati turli xorij davlatlari, jumladan, Liberiya, Nigeriya, Mozambik va Bangladesh fuqarolari ekani qayd etilgan.

Ayrim manbalarda jabrlanganlar orasida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ham borligi aytilgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida yo‘qligi tasdiqlandi.

Diplomatik vakolatxona Hindistonning tegishli organlari bilan hamkorlikda voqea tafsilotlarini aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.

Shuningdek, elchixona Hindistonda bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga safar rejalashtirayotgan fuqarolarga mehmonxona tanlashda yong‘in xavfsizligi sertifikatlari va ruxsatnomalari mavjud obyektlarga ustuvorlik berishni tavsiya qildi.

Favqulodda holatlarda mahalliy qutqaruv xizmatining 112 raqamiga hamda O‘zbekistonning Dehlidagi konsullik bo‘limiga murojaat etish so‘raladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Dehlidagi mehmonxonada chiqqan yong‘in 21 kishining umriga zomin bo‘lgani haqida yozgandi.