
AQSh dollari 4-iyun kuni ikki oylik eng yuqori darajaga yaqin savdo qilindi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Fors ko‘rfazida harbiy harakatlar qayta kuchaygani investorlarning xavfli aktivlarga qiziqishini pasaytirdi.
Dollar indeksi 99,46 punktni tashkil etdi. Bu avvalgi sessiyada qayd etilgan 99,56 punktlik ikki oylik maksimumga yaqin ko‘rsatkich.
Yevro dollarga nisbatan 0,1 foizga oshib, $1,1609 bo‘ldi. Britaniya funti esa $1,3427 atrofida savdo qilindi.
Mutaxassislar fikricha, AQSh iqtisodiyoti barqarorligi va Yaqin Sharqdagi keskinlik dollarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi AQSh bilan muzokaralarda sezilarli siljish yo‘qligini bildirdi.
Reuters yozishicha, bu holat neft narxlarini yuqori darajada ushlab turmoqda. 4-iyun kuni Brent narxi $96, WTI esa $95 atrofida savdo qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp ma’muriyati Amerika va Eron rasmiylari tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokara olib borayotgan bir paytda ham harbiy amaliyotlarni davom ettirayotgani haqida xabar berilgandi. AQSh kuchlari, jumladan, Tinch okeanining sharqiy qismida narkotik tashishda gumon qilingan qayiqlarga zarba bergan.