
4-iyun kuni soat 12:41 atrofida Toshkent metrosining «O‘zbekiston», «Chilonzor» va «Yunusobod» yo‘nalishlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilish kuzatildi.
Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, bunga shahar elektr tarmoqlaridagi yuqori kuchlanish uzilishi sabab bo‘lgan. Holat metro poyezdlari harakati va bekatlardagi yoritish tizimlariga ta’sir ko‘rsatgan.
Shundan so‘ng vaziyat nazoratga olinib, harakat xavfsizligini ta’minlash uchun zaxira generatorlari ishga tushirildi.
Toshkent metropoliteni hozir elektr ta’minotida qisqa uzilishlar kuzatilayotgani va metro poyezdlari harakati mas’ul xodimlar tomonidan nazorat qilinayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun soat 12:41 da Toshkent issiqlik elektr stansiyasidagi transformatorda nosozlik bo‘lgan. Buning oqibatida Mirobod, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur va Olmazor tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilib, soat 13:22 da barcha iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq qayta tiklangan.
Avvalroq Toshkentdagi podstansiyada yong‘in yuz bergandi. Unga ko‘ra, 1-iyun kuni soat 18:57 da Olmazor tumani Kichik halqa yo‘li ko‘chasida joylashgan podstansiya hududidagi transformator yonayotgani haqida xabar kelib tushgan. Ma’lum qilinishicha, yong‘in soat 19:17 da to‘liq o‘chirilgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar va tan jarohati olganlar qayd etilmagan.