
O‘zbekistonda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga qaratilgan yangi ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Prezidentning «Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, ushbu yo‘nalishlarda ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Mazkur tuzilmalar yangi iste’dodlarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va ijodiy muhitni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Farmonga muvofiq, ijodiy birlashmalarning ijodiy rahbarlari hamda ularga tashkiliy masalalarda ko‘maklashuvchi hamrahbarlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi. Ijodiy rahbarlar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha yangi iste’dodlarni kashf etish va ularni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘ladi.
Hujjatga ko‘ra, 2027-yildan boshlab ijodiy birlashmalarning yillik ijodiy hisobotlari shaklida Milliy ijodkorlar qurultoyi o‘tkaziladi. Unda yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlar davlat budjeti hisobidan rag‘batlantiriladi.
Rag‘batlantirish choralari doirasida ijodkorlarning badiiy kechalari, mahorat maktablari va ijod uylari tashkil etiladi. Shuningdek, ularga bir yil davomida har oy 5 mln so‘m miqdorida gonorar to‘lanadi. Bundan tashqari, ular uch yil davomida O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Davlat tibbiyot muassasalarida davolanish xarajatlari esa to‘liq qoplanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir qator madaniyat va san’at fidoyilari davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi.