Sport

«Manchester Yunayted» O‘zbekistonda tug‘ilgan germaniyalik himoyachiga qiziqmoqda

Futbolchi «Borussiya Dortmund»ga 2024-yilda «Shtutgart»dan o‘tgan
«Manchester Yunayted» germaniyalik himoyachiga qiziqmoqda
Foto: Yahoo Sports

«Manchester Yunayted» yozgi transfer oynasida «Borussiya Dortmund» himoyachisi Valdemar Antonni sotib olishni ko‘rib chiqmoqda.

The Mirror xabariga ko‘ra, ingliz klubi 29 yoshli markaziy himoyachi uchun taxminan 40,5 mln yevro taklif tayyorlashi mumkin. Manbaga ko‘ra, «Manchester Yunayted» skautlari futbolchini o‘yinlarda kuzatgan. Klub yozda himoya chizig‘ini kuchaytirish variantlarini o‘rganmoqda.

Valdemar Anton avvalroq ham «Old Trafford» klubi bilan bog‘langandi. Mart oyida Sky Germany futbolchiga «Aston Villa» va «Atletiko Madrid» ham qiziqayotganini yozgan edi.

Anton Germaniya terma jamoasining JCH uchun tarkibiga kiritilgan. U markaziy himoyada Niko Shlotterbek, Yonatan Ta, Antonio Ryudiger va Malik Tiau bilan raqobat qiladi.

Ma’lumot uchun, Valdemar Anton 1996-yil 20-iyulda O‘zbekistonning Olmaliq shahrida tug‘ilgan. Ma’lum qilinishicha, uning ota-onasi ham O‘zbekistonda tug‘ilgan. Keyinchalik oila Germaniyaga ko‘chib ketgan.

2016-yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasi skautlari Valdemar Antonga qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq o‘sha yili futbolchi Germaniya yoshlar terma jamoasi safida o‘ynagan.

Futbolchi «Borussiya Dortmund»ga 2024-yilda «Shtutgart»dan o‘tgan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028-yilgacha mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Barselona» akademiyasi texnik direktori Husanov haqida fikr bildirgani haqida yozgan edi.