
O‘zbekiston aholisining 55,8 foizini mehnatga layoqatli yoshdagi fuqarolar bo‘lib, ular mamlakatdagi eng katta yosh guruhi hisoblanadi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
2026-yil 1-aprel holatiga mamlakatning doimiy aholisi soni 38,3 mln nafarga yetgan. Aholining yosh tarkibida mehnatga layoqatli yoshdagilar soni 21,4 mln nafarni yoki jami aholining salkam 56 foizini tashkil etgan.
Taqqoslash uchun, 2025-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi 37,7 mln nafar bo‘lgan. O‘sha davrda mehnatga layoqatli yoshdagi aholi soni 21,1 mln nafarni tashkil etib, ularning ulushi ham 56 foizga teng bo‘lgan.

2026-yil ma’lumotlariga ko‘ra, mehnatga layoqatli yoshdan kichik aholi soni 12,3 mln nafar yoki 32,1 foizni tashkil etmoqda. Mehnatga layoqatli yoshdan katta fuqarolar soni esa 4,6 mln nafar bo‘lib, ularning ulushi 12 foiz atrofida.
Bir yil ichida mamlakat aholisi qariyb 600 ming nafarga oshgan bo‘lsa-da, yosh tarkibidagi nisbatlar deyarli o‘zgarmagan. Natijada mehnatga layoqatli yoshdagi fuqarolar ulushi ketma-ket ikkinchi yil ham 56 foiz darajasida saqlanib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlari soni bir yilda yettitaga kamaygani haqida yozgan edik.