
Endilikda milliy cholg‘u asboblarini xarid qilish xarajatlarining 30 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Prezident farmoniga ko‘ra, Madaniyat vazirligi huzurida «Ijodga investitsiya» davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. Mazkur jamg‘arma orqali 2026-yil 1-iyuldan boshlab eng istiqbolli ijodiy loyihalarni moliyalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Hujjatga muvofiq, 2027-yildan boshlab har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishlarida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘rtasida tuman, viloyat va respublika bosqichlarida tanlovlar o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan maktabga jamg‘arma hisobidan 500 mln so‘m miqdorida grant ajratiladi.
Shuningdek, respublika tanlovlari g‘oliblari madaniyat va san’at yo‘nalishlaridagi davlat ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishda ijodiy imtihondan ozod etiladi hamda ularga maksimal ball beriladi.
Farmonda milliy cholg‘u san’atini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan. Xususan, 2026-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston fuqarolariga milliy cholg‘u asboblarini sotib olish xarajatlarining 30 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida ijodiy birlashmalar tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.