
Shavkat Mirziyoyev Gonkong maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Li Szyachao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy strategik sherikligi doirasida Gonkong bilan hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.
Muloqot davomida savdo-iqtisodiy, moliyaviy, sanoat va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ta’lim, turizm va biznes almashinuvlarini kengaytirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish hamda konsullik xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida «yashil» energetika, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya, raqamli iqtisodiyot, fintex, startaplar va sun’iy intellekt qayd etildi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqish, Ishbilarmonlar kengashini tashkil qilish hamda yaqin muddatda ikki tomonlama vizasiz tartibni joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri 30 kunlik vizasiz rejim bo‘yicha O‘zbekiston va Gonkong notalar almashgani haqida yozgandi.