
Navoiy viloyatining Navbahor tumanida tibbiyot birlashmasiga ishga kiritishni va’da qilgan ikki nafar tibbiyot xodimi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, Navbahor tumani tibbiyot birlashmasi xodimi va reanimatsiya bo‘limi hamshirasi qo‘lga olingan. Tergovga qadar tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, ular fuqaroni tibbiyot birlashmasiga farrosh vazifasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
Ular bu ishni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berishini aytgan. Tibbiyot xodimlari fuqarodan 10 mln so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» 1,5 gektar yer uchun $750 ming so‘ragan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.