Yangiliklar

AQSh Senati Oq uy bal zali uchun 1 mlrd dollar ajratishni rad etdi

AQSh Senati Trampning Oq uy bal zali uchun $1 mlrd ajratishni rad etdi
Foto: Getty Images

AQSh Senati respublikachilari prezident Donald Trampning Oq uyda yangi bal zali qurilishi bilan bog‘liq $1 mlrd mablag‘ni immigratsiya xarajatlari haqidagi qonun loyihasidan olib tashladi. Shundan so‘ng Senat ushbu hujjatni ko‘rib chiqishni davom ettirishga ovoz berdi, deya xabar bermoqda BBC.

Mazkur $1 mlrd mablag‘ Oq uyda qurilayotgan yangi bal zali doirasida AQSh Maxfiy xizmati xavfsizlik tizimlarini yangilash uchun so‘ralgan edi. Bunday talab aprel oyida Tramp qatnashgan mehmonxonadagi gala marosimida yuz bergan otishmadan keyin ilgari surilgan.

Tramp yangi bal zali rasmiy davlat tadbirlarini o‘tkazish va xavfsizlik infratuzilmasini zamonaviylashtirish uchun zarurligini aytib keladi. U loyiha xususiy xayriyalar hisobidan moliyalashtirilishini ham bir necha bor ta’kidlagan.

Senatdagi ovoz berishda 53 nafar senator hujjatni ko‘rib chiqishni davom ettirishni qo‘llab-quvvatladi. 45 nafar senator esa qarshi ovoz berdi. Qonun loyihasi immigratsiya idoralari uchun taxminan $72 mlrd mablag‘ ajratishni nazarda tutadi.

Demokratlar avvaldan Trampning Oq uyning Sharqiy qanoti buzilgan hududida yirik bal zali qurish rejasiga qarshi chiqib kelmoqda. Immigratsiya qonun loyihasidan $1 mlrd mablag‘ olib tashlangani Tramp rejalariga siyosiy zarba sifatida baholanmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Trampning sog‘lig‘i yaxshi deb baholangani haqida yozgan edi.