
Adliya vazirligi tomonidan xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi tartib 2026-yil 2-iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Unga ko‘ra, chet tili fani mavjud bo‘lgan bakalavriat yo‘nalishlariga kirishda «B1» darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga shu fan bo‘yicha maksimal ballning 75 foizi beriladi.
Shuningdek, ingliz tili bo‘yicha TOEFL iBT sertifikatining baholash tizimi 1 – 6 ballik ko‘rsatkich asosida belgilanadi.
Pedagoglar uchun ham yangi imtiyozlar joriy etildi: TKT, TESOL, TEFL va TESL sertifikatlarining amal qilish muddati ustama to‘lovlarda inobatga olinadi.
Kasbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun esa «B2» darajadagi sertifikatga 50 foiz, «C1» darajadagiga 100 foiz miqdorida oylik ustama belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Digital SAT imtihonining matematika qismidan 750 va undan yuqori ball olgan o‘qituvchilarga ham qo‘shimcha ustamalar beriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fanlari o‘qituvchilari uchun ham «B+» va undan yuqori darajadagi sertifikatlar asosida ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan chet tilini bilish malaka imtihoni natijalari qachon e’lon qilinishi haqida yozgandi.