Yangiliklar

Sergelida 24 soat ishlaydigan turistik ko‘cha uchun 5 mlrd so‘m ajratiladi

Toshkent shahri hokimi qaroriga ko‘ra
Foto: Mirobod tuman hokimligi

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Yangi Sergeli ko‘chasi zamonaviy turistik hududga aylantiriladi. Toshkent shahri hokimi qaroriga ko‘ra, ushbu ko‘cha 24 soat faoliyat yuritadigan turistik ko‘cha sifatida tashkil etiladi.

Loyiha uchun Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 5 mlrd so‘m ajratilishi ma’qullandi. Mablag‘lar Yangi Sergeli ko‘chasida olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda zamonaviy infratuzilma yaratish xarajatlariga yo‘naltiriladi.

Ajratilgan mablag‘lar Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasiga beriladi.

Loyihani amalga oshirish bo‘yicha Sergeli tumani hokimligi, Toshkent Invest kompaniyasi va boshqa mas’ul tashkilotlarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan davlat moliyaviy nazorati o‘rnatiladi. Mazkur loyiha Sergelining sayyohlik salohiyatini oshirish va hududda xizmatlar sohasini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilda 18 ta yangi turizm ko‘chasi tashkil etilishi belgilangan. 2025-yilda poytaxtda 26 ta ko‘cha tunu kun ishlashga o‘tgan. Bu loyihalarga 540 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.

Natijada 1 103 ta yangi obyekt ochilgan. 315 ta biznes 24/7 ishlashni boshlagan. 26 ta xorijiy brend faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.