
Termiz shahrida «Yagona migratsiya markazi» faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Yangi markaz mehnat migratsiyasiga tayyorlanayotgan fuqarolarga bir qator xizmatlarni bir joyda taqdim etadi. Xususan, u yerda xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, chet tillarini o‘rgatish hamda xalqaro sertifikatlar olish uchun imtihonlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.






Shuningdek, markazda xorijga chiqish uchun zarur hujjatlar va viza jarayonlarida amaliy yordam ko‘rsatiladi hamda bepul maslahat xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Muassasa zamonaviy infratuzilma bilan jihozlangan bo‘lib, 100 o‘rinli o‘quv xonalari, 50 o‘rinli tanlovlar zali, 18 o‘rinli muzokara xonasi hamda bir vaqtning o‘zida o‘ndan ortiq fuqarolarga xizmat ko‘rsata oladigan front-ofisni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati mamlakat hududida Yevropa Ittifoqi uchun migratsiya markazlari ochilishi bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgani haqida yozgandi.