Yangiliklar

Toshkentning 9 ta tumanida 40 ta yangi AYQSh quriladi

Poytaxtning turli hududlarida jami 43 ta loyiha amalga oshiriladi
Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida o‘nlab yangi infratuzilma obyektlarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, poytaxtning turli hududlarida jami 43 ta loyiha amalga oshiriladi.

Loyihalarning asosiy qismini avtomobillarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi tashkil etadi. Xususan, 40 ta manzilda zamonaviy yonilg‘i quyish shoxobchalari qurilishi ko‘zda tutilgan. Yangi stansiyalar Sergeli, Bektemir, Chilonzor, Yangihayot, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Olmazor, Uchtepa va Yunusobod tumanlarida joylashtiriladi.

Rejaga ko‘ra, obyektlar yirik avtomobil yo‘llari va aholi yashash hududlariga yaqin joylarda barpo etiladi. Ular 10 yil muddatga davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida boshqariladi.

Shuningdek, poytaxtda yana bir nechta jamoat infratuzilmasi obyektlari ham quriladi. Olmazor tumanida ovqatlanish maskanlari va sport maydonlarini o‘z ichiga olgan zamonaviy dam olish majmuasi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Chilonzor tumanining ikki mahallasida esa yangi avtoturargohlar barpo qilinadi.

Rasmiylarga ko‘ra, barcha loyihalar shaharsozlik talablari va amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Ularning ijrosi ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistondagi «zapravka»larda 1-apreldan benzin faqat karta orqali sotilishi haqida yozgandi.