
O‘zbekistonda kamida 10 yil ijodiy sohada faoliyat yuritgan 100 nafargacha madaniyat, san’at va adabiyot sohasidagi ijodkorlar kasaba uyushmalari federatsiyasi sanatoriylarida bepul davolanadi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, ijodiy birlashmalarning tavsiyasi asosida Davlat budjeti hisobidan yiliga 1000 nafargacha madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillarining davolanish xarajatlari qoplanadi. Ushbu toifa orasida avvaldan davlat hisobidan davolanish imtiyoziga ega bo‘lmagan, biroq o‘z faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ijodkorlar ham qamrab olinadi.
Shuningdek, ularga yuqori texnologik tibbiy operatsiyalarni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar ham Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Bundan tashqari, yiliga 2 ming nafargacha madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillari uchun ixtiyoriy tibbiy sug‘urta badallarining 50 foizi qoplanishi belgilangan. Ushbu tartib BHMning 100 baravaridan oshmaydigan sug‘urta mukofotlari doirasida amalga oshiriladi.
Yana bir yo‘nalishga ko‘ra, kamida 10 yil ushbu sohada faoliyat yuritgan 100 nafargacha ijodkor O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli sanatoriylarda bepul davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu chora uzoq yillik mehnati bilan sohaga hissa qo‘shgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shuningdek, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab yiliga 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilaning bir nafar farzandi hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucherlar berilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq San’at va adabiyot sohasidagi tanlov g‘oliblari 300 million so‘mgacha mukofot olishi haqida xabar bergan edik.