
AQSh Kubaga qarshi bosimni kuchaytirish maqsadida Kuba prezidenti Migel Dias Kanel va Raul Kastro oilasi vakillariga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda DW ma’lum qildi.
AQSh Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar Migel Dias Kanel, uning rafiqasi Lis Kuesta Perasa va Raul Kastro oilasiga aloqador bir necha shaxsga tatbiq etildi. Shuningdek, sanksiyalar Kuba Mudofaa vazirligi va yana bir qator tashkilotlarni ham qamrab oldi.
Yangi choralar Vashington va Gavana o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib borayotgan bir paytda qabul qilindi. AQSh hukumati bu qarorni Kuba kommunistik rahbariyatiga bosimni oshirish siyosatining bir qismi sifatida izohlamoqda.
Reuters xabariga ko‘ra, AQSh avvalroq ham Kuba rasmiylariga nisbatan cheklovlar kiritgan. O‘tgan oy Vashington 11 nafar kubalik mansabdorga qarshi sanksiyalar e’lon qilgan edi. Shuningdek, AQSh Raul Kastroni 1996-yilda fuqaro samolyotlari urib tushirilgani bilan bog‘liq ishda ayblagan.
Raul Kastro Fidel Kastroning ukasi hisoblanadi. U hozir rasmiy lavozim egallamasa-da, Kuba siyosatida muhim ta’sirga ega shaxs sifatida ko‘riladi.
Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges yangi sanksiyalarni qoraladi. U bu choralarni AQShning aralashuv siyosati deb atadi.
Kuba hukumati Vashingtonni orol davlatiga bosim o‘tkazish va ichki siyosiy vaziyatga ta’sir qilishga urinishda ayblab keladi.
Eslatib o‘ramiz, «Kursiv» AQSh Raul Kastroga qotillik bo‘yicha ayblov e’lon qilgani haqida yozgan edi.