
Belgiya O‘zbekistondagi ilk elchixonasini ochmoqda. Bu haqda Belgiyaning nufuzli Eureporter va Eureflect nashrlarida e’lon qilingan maqolalarga tayanib, «Dunyo» AA xabar berdi.
Unda Belgiyaning O‘zbekistonda elchixona ochish qarori ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanayotgani va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi strategik ahamiyati ortib borayotganidan dalolat berishi ta’kidlangan.
Maqolada qayd etilishicha, Belgiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yilda tan olgan, ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar esa 1992-yilda o‘rnatilgan. O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasi 1995-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Endilikda Toshkentda Belgiya elchixonasining ochilishi ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beradi.

Nashrlar Shavkat Mirziyoyevning Yevropa bilan ochiq muloqot va integratsiyaga qaratilgan siyosatini ham alohida e’tirof etgan. Xususan, davlat rahbarining 2025-yilda Bryusselga amalga oshirgan tashrifi va Belgiya qiroli Filipp bilan uchrashuvi savdo, investitsiya, logistika hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratgani qayd etilgan.
Maqolada iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2020-yildagi $70 mlndan 2024-yilda $212,7 mlnga yetgan. O‘zbekiston Belgiyaga sanoat, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlarini eksport qilsa, Belgiyadan mashina va uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari hamda texnologik qismlar import qilinadi.
Ma’lumot uchun, hozirda Toshkentda Belgiya Qirolligining konsulligi faoliyat yuritmoqda. Konsullik vakolatlari nisbatan cheklangan bo‘lib, asosan viza masalalarida xizmat ko‘rsatadi. Elchixona esa bundan ancha keng vakolatlarga ega bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi rasmiy diplomatik munosabatlarni to‘liq yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, yil boshida Belgiyaning yangi elchisi Erik De Mayer O‘zbekistonda faoliyatini boshlagan edi.