
Chilida minglab talabalar hukumatning tejamkorlik siyosatiga qarshi norozilik namoyishida qatnashdi. Namoyish poytaxt Santyago markazida bo‘lib o‘tgan, deya xabar bermoqda Anadolu.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, namoyish vaqtida talabalar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. Hodisa oqibatida 25 kishi jarohatlandi. Ularning 12 nafari politsiya xodimlari ekani aytilmoqda. Namoyishchilar prezident Xose Antonio Kast hukumatining davlat xarajatlarini qisqartirish siyosatiga qarshi chiqdi.
Ular tejamkorlik choralari davom etsa, kelgusida yanada yirik norozilik aksiyalari o‘tkazilishini bildirdi. To‘qnashuvlar vaqtida ayrim namoyishchilar tosh va tayoqlardan foydalangan. Natijada shahar infratuzilmasiga zarar yetgan.
Tartibsizliklar sabab Santyago metrosining markaziy yo‘nalishlaridagi ayrim bekatlar vaqtincha yopildi. Shuningdek, poytaxtdagi transport harakati deyarli izdan chiqdi. Xose Antonio Kast 11-mart kuni Chili prezidenti lavozimiga kirishgan edi.
U davlat moliyasini sog‘lomlashtirish uchun 18 oy ichida xarajatlarni qariyb $6 mlrd ga qisqartirishni va’da qilgan. Hukumat dasturi doirasida vazirliklar budjedini taxminan 3 foizga kamaytirish rejalashtirilgan. Talabalar, o‘qituvchilar va kasaba uyushmalari bu qisqartirishlar eng ko‘p ta’lim sohasiga ta’sir qilayotganini aytmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Erdo‘g‘on Bilgi universitetini yopish qarorini bekor qilgani haqida yozgan edi.