Yangiliklar

Dam olish kunlari havo isiydi

Yakshanba kuni kunduzi 34–37 darajagacha issiq bo‘ladi
Dam olish kunlari havo isiydi
Foto: depositphotos

6–7-iyun kunlari O‘zbekistonning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. «O‘zgidromet» dam olish kunlari uchun ob-havo ma’lumotini taqdim etdi.

Faqat 6-iyun kuni Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, 7-iyun kuni esa Qoraqalpog‘iston respublikasining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Dam olish kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. Yakshanba kuni kunduzi 34–37 darajagacha issiq bo‘ladi.

Shamol 7–12 m/s tezlikda esadi. Ba’zi joylarda 13–18 m/s gacha kuchayishi mumkin.

7-iyun kuni shimoliy hududlarda shamol 20–22 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Sel-suv toshqinlari xavfi saqlanib qoladi.

Toshkentda ob-havo

Toshkent shahrida shanba va yakshanba kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 6-iyun kuni 30–32 daraja, 7-iyun kuni esa 34–36 daraja bo‘ladi.

Shamol 3–8 m/s tezlikda esadi. Vaqti-vaqti bilan 10–12 m/s gacha kuchayadi. Ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT 2030-yilgacha anomal issiq davrdan ogohlantirgandi. Mutaxassislar global harorat 2027-yildayoq yangi rekord darajaga chiqishi mumkinligini aytmoqda. Bunga yil oxirida El-Nino iqlim hodisasi boshlanishi ehtimoli sabab boʻlishi mumkin.

WMO prognoziga koʻra, 2026 – 2030-yillarda Yer yuzasiga yaqin oʻrtacha harorat sanoatgacha boʻlgan davrga nisbatan 1,3 – 1,9 daraja yuqori boʻladi. Keyingi besh yillik oʻrtacha harorat 1,5 darajalik chegaradan yuqori boʻlishi ehtimoli 75 foiz deb baholangan.