
Uy-joyga muhtoj madaniyat, san’at va ijodiy soha vakillarining ipoteka krediti uchun to‘lanadigan boshlang‘ich badalining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan boshlab har yili uy-joyga muhtoj bo‘lgan 1000 nafar madaniyat, san’at va ijodiy soha vakiliga birlamchi bozordan kvartira xarid qilish uchun imtiyozli ipoteka kreditlari ajratiladi.
Hujjatga muvofiq, ipoteka krediti olishda boshlang‘ich badal kredit oluvchi tomonidan farmonda belgilangan miqdorlarda shakllantiriladi. Bunda boshlang‘ich badalning 50 foizi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Shuningdek, kreditning dastlabki 5 yili davomida to‘lanadigan foizlarning 10 foizdan ortiq qismi ham budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Boshlang‘ich badalning 50 foizini qoplash jarayoni «subsidiya.idm.uz» axborot tizimi orqali avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Farmon bilan boshqa hududdan kelib ishlayotgan va faoliyat yuritayotgan hududida o‘z uy-joyiga ega bo‘lmagan madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillarini qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilandi. Unga ko‘ra, ularning uy-joy ijara xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Mazkur tartib asosida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan soha vakillariga bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ishlayotganlarga esa bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida ijodiy birlashmalar tashkil etilishi haqida yozgan edik.