
2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati vaqtida muxlislar stadionlarga qayta foydalaniladigan suv idishlarini olib kira olmaydi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
FIFA stadionlarda amal qiladigan qoidalarga o‘zgartirish kiritib, xavfsizlik sababli bunday idishlarni olib kirishni taqiqladi. Avvalroq tashkilot bo‘sh va shaffof plastik idishlarga ruxsat bergan edi, biroq yangi tartib 3-iyundan kuchga kirdi.
Unga ko‘ra, stadionlarga butilka, stakan, banka va ichimlik saqlash uchun mo‘ljallangan boshqa buyumlarni olib kirish ham mumkin emas. FIFA bu qaror futbolchilar va tomoshabinlarga buyumlar uloqtirilishi oqibatida jarohat yetkazilishining oldini olish maqsadida qabul qilinganini bildirdi.

Qaror ayrim muxlislarda norozilik va xavotir uyg‘otdi. Sababi, chempionat o‘tkaziladigan ayrim shaharlarda harorat 26–28 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Shu bois tomoshabinlar stadionlarda ichimlik suvi masalasi qanday hal etilishiga qiziqmoqda.
FIFAning ma’lum qilishicha, stadionlar atrofida muxlislar uchun maxsus sovutish va suv bilan ta’minlash punktlari tashkil etiladi. Jumladan, suv ichish joylari, ventilyatorlar, sovutish chodirlari va namlantiruvchi stansiyalar ishga tushiriladi. Tashkilot stadion ichida sotiladigan suv narxlari ham odatdagi tadbirlardagi darajada qolishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida 11-iyundan 19-iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Unda 48 ta terma jamoa ishtirokida jami 104 ta o‘yin o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston klublari Jahon chempionatidan qancha ishlab olishi haqida xabar bergan edik.