
Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqida Yangi O‘zbekiston islohotlari natijasida mamlakat iqtisodiyoti 2030-yilgacha $240 mlrddan oshirilishi haqida so‘z yuritdi.
«Bundan o‘n yil oldin ochiqlik, inklyuzivlik va pragmatizmga tayangan holda, Yangi O‘zbekistonni barpo etishni boshlagan edik. O‘tgan davrda uzoq muddatli o‘sish uchun mustahkam asos – qulay ishbilarmonlik muhiti, barqaror sanoat bazasi va yangi infratuzilma yaratildi», — dedi davlat rahbari.
Prezident ma’lum qilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 2016-yildagi $50 mlrddan 2025-yil yakunlariga ko‘ra $147 mlrddan yetdi. Joriy yilda esa iqtisodiy o‘sish 8 foizdan yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Islohotlar boshlanganidan buyon mamlakatga $150 mlrddan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Tovar va xizmatlar eksporti esa qariyb uch barobar oshdi.

Nutqda yosh va tez o‘sib borayotgan aholi O‘zbekistonning asosiy ustunliklaridan biri ekani alohida qayd etildi. Shu bilan birga, demografik salohiyatni zamonaviy bilim, kompetensiya va yuqori qo‘shimcha qiymat yaratuvchi iqtisodiyotga aylantirish muhimligi ta’kidlandi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, faqat so‘nggi besh yil ichida aholi daromadlari 2,5 barobar oshgan.
Davlat yetakchisi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida iqtisodiyot hajmini $240 mlrddan oshirish, aholi daromadlarini o‘rtachadan yuqori darajaga ko‘tarish hamda barcha tarmoqlarni texnologik va innovatsion rivojlanish modeliga o‘tkazish rejalashtirilayotganini bildirdi.
«O‘zbekiston global ishbilarmonlar hamjamiyati uchun ishonchli va barqaror mamlakatdir. Iqtisodiyotimizning yuqori darajada ochiqlik sari harakat qilayotgani yetakchi reyting agentliklari tomonidan xolis tasdiqlanmoqda. Faqat shu yilning o‘zida mamlakatimiz Iqtisodiy erkinlik indeksida yana 14 pog‘ona yuqori ko‘tarildi», — deya ta’kidladi Mirziyoyev.

Prezidentning ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda xalqaro bozorlarga $16 mlrdlik suveren va korporativ obligatsiyalar joylashtirilgan. Bundan tashqari, Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish ishlari boshlangan bo‘lib, u investorlar uchun maxsus huquqiy maqom va soliq imtiyozlarini taqdim etadi.
Nutq yakunida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston global ishbilarmonlar hamjamiyati uchun ishonchli va barqaror hamkor bo‘lib qolishini ta’kidladi hamda investorlarni 16–18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat yetakchisi forumda «Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari»ni yaratishni taklif qilgan edi.