
Kembrij universiteti olimlari sun’iy intellekt yaratgan vaksinaning ilk klinik sinovlarini o‘tkazdi. Bu haqda BBC ma’lum qildi.
Vaksina COVID-19 va koronaviruslarning boshqa turlariga qarshi kengroq himoya yaratish uchun mo‘ljallangan. Tadqiqotchilarga ko‘ra, preparatning asosiy komponenti sun’iy intellekt yordamida ishlab chiqilgan.
Vaksina 39 nafar ko‘ngillida sinovdan o‘tkazildi. Tadqiqotchilar salbiy oqibatlar haqida ma’lumot bermagan. Shu bilan birga, vaksinaning immunitetga ta’siri ham kuchli bo‘lmagani aytilmoqda. Olimlar kuzatuvlar davomida immun javob «sezilarli bo‘lmaganini» qayd etdi.
Ushbu bosqichdagi asosiy maqsad vaksinaning organizm uchun xavfsizligini tekshirish bo‘lgan. Kembrij universiteti tadqiqotchilari vaksina yaratishdagi yondashuvni o‘zgartirishga urinmoqda. Odatda vaksinalar mavjud virus shtammiga qarshi ishlab chiqiladi. Biroq koronaviruslar doimiy ravishda o‘zgarib boradi. Shu sababli olimlar organizmni turli shtammlarga qarshi tayyorlay oladigan preparat yaratishni maqsad qilgan.
Bunday vaksina virus mutatsiyaga uchrasa yoki yangi infeksiya hayvonlardan odamlarga yuqsa ham himoya berishi kutiladi. Vaksina xavfsiz deb baholangani sababli ilmiy guruh keyingi bosqich sinovlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Navbatdagi tadqiqotda 200 nafar ko‘ngilli ishtirok etadi. Bu bosqich vaksinaning samaradorligini baholashga qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan ChatGPT’da bank hisoblarini ulash imkoniyati ishga tushirilgani haqida yozgan edi.