
Raqobat qo‘mitasi BAAda ro‘yxatdan o‘tgan Tapuz Limited kompaniyasining OLX Classifieds MChJ XKdagi 100% ulushni sotib olish bo‘yicha arizasini ma’qulladi.
Tapuz Limited investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xolding kompaniya hisoblanadi. OLX Classifieds esa O‘zbekistonda OLX brendi ostida onlayn e’lonlar va reklama xizmatlarini ko‘rsatadi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Tapuz Limited’ning asosiy aksiyadori TBC Bank Group PLC hisoblanadi. Ushbu guruh O‘zbekistondagi TBC Bank va Payme xizmatlariga ham egalik qiladi.
Tahlillar davomida Tapuz Limited’ning O‘zbekistondagi boshqa onlayn reklama platformalarida ulushi yo‘qligi aniqlangan.
Bitim bo‘yicha rozilik berilar ekan, raqobat muhitini saqlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator majburiy talablar belgilandi.
Jumladan, OLX foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish shartlarini bir tomonlama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmasligi, platformada yig‘ilgan ma’lumotlardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanilmasligi hamda foydalanuvchilar faqat Payme yoki TBC Bank ilovalari orqali to‘lov qilishga majburlanmasligi kerak.
Shuningdek, OLX orqali to‘lovlarni amalga oshirishda boshqa to‘lov xizmatlari uchun ham teng sharoit yaratilishi talab sifatida belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning ilk uch oyida TBC Uzbekistan operatsion daromadi 700 mlrd so‘mga, sof foydasi esa 93 mlrd so‘mga yetdi. Hisobotga ko‘ra, TBC Bank, Payme, TBC BNPL, TBC Sug‘urta va BILLZni birlashtirgan ekotizim mijozlar bazasi va moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha sezilarli o‘sishga erishgan.