
Qirg‘izistonda avtomobillarning old yon oynalarini qoraytirish uchun ruxsatnoma narxi bir oyga pasaytirilishi mumkin. Kaktus.media xabariga ko‘ra, tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan.
Agar hujjat qabul qilinsa, chegirma 2026-yil 10-iyundan 10-iyulgacha amal qiladi. Hozir Qirg‘izistonda jismoniy shaxslar tonirovka ruxsatnomasi uchun 50 ming som ($571,8) to‘laydi. Yuridik shaxslar uchun to‘lov 70 ming som ($800,5), norezidentlar uchun esa 90 ming som ($1,02 ming).
Taklifga ko‘ra, aksiya davrida to‘lovlar jismoniy shaxslar uchun 35 ming som ($400), yuridik shaxslar uchun 55 ming som ($629), norezidentlar uchun 75 ming som ($858)gacha tushiriladi.
Ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi. Imtiyozli tariflar M1 va M1G toifadagi avtomobillarga tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda. Elektromobillar bundan mustasno.
Qirg‘iziston rasmiylari narxni vaqtincha pasaytirish haydovchilarni tonirovkani qonuniy rasmiylashtirishga undashini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda orqa oynalar (orqa va orqa yon oynalar)ni bepul tonirovka qilish mumkin. Hech qanday ruxsatnoma talab qilinmaydi va qorayish darajasi amalda cheklanmagan.
Old oynalar va old yon oynalar bilan vaziyat boshqacha, ya’ni old oynalarni tonirovka qilish uchun ruxsatnoma majburiy bo‘lib, 1 yilga beriladi. Narxi bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari (3,296 mln so‘m)ni tashkil etadi.
Shuningdek, my.gov.uz orqali topshirilsa chegirma bilan BHMning 7,2 baravari (2,966 mln so‘m) to‘lanadi.