
Toshkentning Yunusobod tumanidagi chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi faoliyatidan aholi norozilik bildirgani ortidan senator Chiqindilarni boshqarish agentligiga so‘rov yubordi.
Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda chiqindilarni yig‘ish, tashish va qayta ishlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, ayrim hududlarda muammolar saqlanib qolmoqda.
Xususan, Yunusobod tumanidagi Tiklanish mahallasi aholisi chiqindilarni vaqtincha saqlash va qayta yuklash stansiyasi faoliyatidan norozi. Ularning aytishicha, chiqindilarni tashish, tushirish va saqlash jarayonida badbo‘y hid atrofga tarqalmoqda.
Shu munosabat bilan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Abdug‘ani Tuychiyev Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Shohruh Hasanovga senator so‘rovi yubordi.
So‘rovda stansiyani joylashtirishda sanitariya va ekologik talablarga rioya qilingani, uning loyihaviy quvvati va amaldagi yuklamasi, zamonaviy texnologiyalar qo‘llanayotgani, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish ishlari hamda maxsus transport vositalarining holati bo‘yicha ma’lumot berish so‘ralgan.
Shuningdek, hududni obodonlashtirish va aholi uchun noqulayliklarni kamaytirish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar haqida ham tushuntirish berilishi talab qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq respublika hududi 5 kunda 70 ming tonna chiqindidan tozalangani xabar qilingandi. Jarayonga 33 ming nafar xodim va 12,5 mingta maxsus texnika jalb qilindi. Hududlardan 71 ming tonna qattiq maishiy chiqindi olib chiqilib, belgilangan tartibda bartaraf etildi.