Yangiliklar

AQSh va Eron Fors ko‘rfazida o‘zaro zarbalar berdi

AQSh harbiylari Eron dronlari va radar obyektlariga zarba berganini bildirgan
AQSh va Eron Fors ko‘rfazida o‘zaro zarbalar berdi
Foto: Ochiq manba

AQSh va Eron o‘rtasidagi mo‘rt sulh yana sinov ostida qoldi. Tomonlar Fors ko‘rfazi hududida bir-biriga qarshi harbiy harakatlar amalga oshirdi.

AQSh harbiylari Eron dronlari va radar obyektlariga zarba berganini bildirdi. Eron esa javoban Fors ko‘rfazidagi AQSh bazalariga raketa uchirdi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, Amerika kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi tomon uchirilgan to‘rtta Eron dronini urib tushirgan. Qo‘mondonlik bu dronlar mintaqadagi dengiz qatnovi uchun bevosita xavf tug‘dirganini aytdi.

Shundan keyin AQSh kuchlari Eron janubidagi qirg‘oq kuzatuv radar obyektlariga zarba bergan. Centcom buni keyingi hujumlarning oldini olish bilan izohladi. Eronning IRIB agentligi esa Tehron javob chorasi sifatida Quvaytdagi ikki AQSh aviabazasi va Bahrayndagi AQSh harbiy-dengiz kuchlari obyektlariga ballistik raketalar uchirganini xabar qildi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi dastlabki baholashlarga ko‘ra, Eron tomonidan yettita raketa uchirilganini bildirdi. Ulardan oltitasi tutib qolingan, bittasi esa nishonga yetib bormagan.

Voqealar AQSh va Eron o‘rtasida bir necha kun avval yuz bergan zarbalar almashinuvidan keyin sodir bo‘ldi. O‘sha holat aprel oyidan beri amalda bo‘lgan sulhga xavf tug‘dirgan edi. Chorshanba kuni Quvayt xalqaro aeroportiga Eron dronlari orqali zarba berilgani xabar qilingandi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 60 dan ortiq odam jarohatlangan.

Avvalroq «Kursiv» Tramp AQSh Erondagi operatsiyani tez yakunlashini aytgan edi.