
Zarur amaliyotlar, ya’ni GxP talablariga muvofiqlikni aniqlash xizmatlari uchun to‘lov miqdorlarini belgilash tartibi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Adliya vazirligiga ko‘ra, farmatsevtik inspeksiya to‘lovlari 103 mln so‘mgacha kamaytirildi.
Yangi tartib farmatsevtika sohasidagi inspeksiya xizmatlari uchun undiriladigan to‘lovlarni hisoblash mezonlarini belgilaydi. Unga ko‘ra, to‘lovlar farmatsevtik inspeksiya o‘tkazish uchun sarflanadigan mehnat vaqti normasi hamda dori vositalari koeffitsiyenti asosida hisoblanadi.
Xususan, ayrim to‘lovlar mahalliy korxonalar uchun 38 mln so‘mgacha arzonlashdi. Xorijiy korxonalar uchun esa pasayish 103 mln so‘mgacha yetdi. Zarur farmatsevtika, ya’ni dorixona amaliyoti bo‘yicha to‘lovlar 15 foizga kamaytirildi. Zarur klinika amaliyoti bo‘yicha pasayish 27 foizni tashkil etdi.
Zarur laboratoriya amaliyoti bo‘yicha to‘lovlar 38 foizga arzonlashdi. Zarur distribyutorlik amaliyoti bo‘yicha esa to‘lovlar 33 foizga kamaytirildi.
Shuningdek, inspeksiya nazorati, ya’ni davriy tekshiruvlar uchun to‘lovlar ham alohida tartibda belgilanadi. Ular farmatsevtik inspeksiya uchun belgilangan to‘lovlarning uchdan bir qismi miqdorida undiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Elektron retsept» tizimi bekor qilinmasligi haqida yozgan edi.