
O‘zbekistonning bir nechta hududida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Aniqlangan zarar miqdori jami 4,2 mlrd so‘mdan oshdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Unda fermer xo‘jaligi mas’ullari «Kamolot» MFY hududidagi yer maydonida suv nasoslaridan foydalanishda elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatgani aniqlandi. Oqibatda ular 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Toshkent viloyatida ham shunday holat fosh etildi. Departamentning viloyat boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘tkazgan tekshiruvda korxona mas’ullari O‘rtachirchiq tumanidagi «O‘rtaovul» MFY hududida suv nasosini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulagani ma’lum bo‘ldi. Natijada 1,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Andijon viloyatining Asaka tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli savdo do‘koni tekshirildi. Do‘kon «Fayziobod» MFY hududidagi umumiy elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangani aniqlandi. Yetkazilgan zarar 319,7 mln so‘mni tashkil etdi.
Andijon tumanida esa fuqaro umumiy ovqatlanish shoxobchasida elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida noqonuniy ulangan. Holat «Navro‘z» MFY hududida aniqlangan. Buning oqibatida 300,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ham suv nasosi bilan bog‘liq qonunbuzarlik aniqlandi. Korxona rahbari «Mingbuloq» MFY hududidagi suv nasosini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulagan. Noqonuniy foydalanilgan elektr energiyasi qiymati 299,9 mln so‘mga baholandi.
Toshkent shahrining Olmazor tumanida o‘tkazilgan tekshiruvda MChJ mas’ullari binodagi elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatgani ma’lum bo‘ldi. Holat «Ibrohim Ota» MFY hududida aniqlangan. Yetkazilgan zarar 278,6 mln so‘mni tashkil etdi.
Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli savdo do‘koni elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangani aniqlandi. Ushbu holatda 119,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Jizzax viloyatining Zomin tumanida esa fuqaro xonadonida elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan. Holat «Istiqlol» QFY hududida aniqlangan. Yetkazilgan zarar 115,5 mln so‘mni tashkil etdi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘onada 6100 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ushlangani haqida yozgan edi.