
OTM bitiruvchilarining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026-yilda 8 mingdan ortiq loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 mlrd so‘m ajratiladi. Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Unda 2026-yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi va ularni ish bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Taqdimotda «Kelajakka qadam» dasturini yanada kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. Rejaga ko‘ra, kelgusi yilda 500 mlrd so‘m mablag‘ hisobidan 8 mingdan ortiq biznes loyihasi qo‘llab-quvvatlanadi va 10 mingga yaqin yoshning bandligi ta’minlanadi.
Shuningdek, bitiruvchilarni ishga joylashtirish tizimini kuchaytirish maqsadida barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyatini rivojlantirish, mehnat yarmarkalari va ish beruvchilar bilan uchrashuvlar sonini oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarida «Tadbirkorlik asoslari» fanini joriy etish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ish beruvchilar buyurtmasi asosida dual ta’lim tizimini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 500 nafar xorijlik talaba uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturi ishga tushirilishi haqida yozgan edik.