
Xitoyning Hongqi brendi o‘zining ilk yo‘ltanlamas SUV modeliga rasman G919 nomini berdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Yangi model to‘rt motorli EREV, ya’ni yurish zaxirasi uzaytirilgan elektromobil sifatida ishlab chiqilgan. U ilk bor 2026-yilgi Pekin avtosalonida ommaga ko‘rsatilgan edi. FAW Hongqi bu nomni 6-iyun kuni rasman e’lon qildi. Avtomobil avval kompaniya ichida P567 indeksi bilan yuritilgan.
Kompaniya izohiga ko‘ra, nomdagi «G» harfi Xitoy milliy avtomobil an’analarining tayanchini anglatadi. Ikkita «9» raqami flagman maqomi va uzoq muddatli xizmat ko‘rsatishni bildiradi. «1» raqami esa yuqori darajadagi texnik imkoniyatlarga ishora qiladi.

Hongqi G919 kuzovi ramali konstruksiya asosida qurilgan. Bu yechim og‘ir sharoitda harakatlanadigan yo‘ltanlamas avtomobillar uchun muhim hisoblanadi. Model uzunligi 5135 mm, kengligi 2050 mm, balandligi esa 1950 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2900 mmga teng.
Texnik imkoniyatlar
G919’ning eng muhim jihati to‘rt motorli harakat tizimi bo‘ladi. Har bir g‘ildirak alohida elektr motor bilan boshqariladi. Bu tizim quvvatni har bir g‘ildirakka mustaqil taqsimlash imkonini beradi. Natijada avtomobil sirpanchiq yoki notekis yo‘llarda barqarorroq harakatlana oladi.

Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, Hongqi G919 2,0 litrli turbo dvigatelga ega range extender tizimi bilan ishlaydi. Elektr motorlarning umumiy quvvati 620 kWga yetadi.
Aylanish momenti 1320 Nmni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 4,5 soniyada chiqishi aytilmoqda. CLTC sikli bo‘yicha elektr yurish masofasi 280 km atrofida bo‘ladi. Umumiy yurish zaxirasi esa 1350 kmga yetishi kutilmoqda.
Hongqi an’anaviy yo‘ltanlamas elementlarini ham saqlab qolgan. Modelda uchta differensial qulfi, maxsus shinalar, evakuatsiya ilgaklari va tomga o‘rnatilgan lidar sensori bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix 2027 yangi versiyalar bilan to‘ldirilgani haqida yozgan edi.