Gadjetlar

iPhone 18 Pro Max versiyalari katta batareya bilan taqdim etiladi

5000 mA/soatdan ortiq sig‘imli
iPhone 18 Pro Max versiyalari katta batareya bilan taqdim etiladi
Rasm: Grok SI

Apple kompaniyasining sentabr oyida taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 18 Pro Max versiyalari eng katta batareya bilan jihozlanishi mumkin. Bu haqda Mydrivers xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, smartfonning barcha versiyalarida 5000 mA/soatdan ortiq sig‘imli akkumulyator bo‘ladi. Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan versiyada batareya sig‘imi 5000–5100 mA/soat, AQSh versiyasida esa 5100–5200 mA/soat atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Taqqoslash uchun, iPhone 17 Pro Max’ning AQShdagi versiyasi 5088 mA/soat, Xitoydagi versiyasi esa 4823 mA/soat batareyaga ega edi.

Tahlilchilar AQSh va Xitoy versiyalari o‘rtasidagi farqni eSIM texnologiyasi bilan izohlamoqda. AQShdagi modellarda jismoniy SIM-karta joyi yo‘q, shu sababli bo‘shagan joyga kattaroq batareya joylashtirish mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Apple’ning ilk buklanadigan iPhone modeli kuzda chiqishi mumkin. Smartfon hozircha faqat bitta rangda, ya’ni oq tusda tayyorlanadi. Kompaniya qora rangli variantni ham ko‘rib chiqqan, biroq ishlab chiqarishni soddalashtirish uchun bir rang bilan cheklanishi mumkin.