Yangiliklar

NASA Oy uchun 220 million dollarlik elektromobillarni tanladi

Astrolab va Lunar Outpost kompaniyalari ishlab chiqqan transport vositalar
elektromobil, NASA
Foto: Lunar Outpost

NASA Artemis dasturi doirasida Oy yuzasida foydalaniladigan yangi elektr roverlar uchun ikkita loyihani saralab oldi. Bu haqda Tarantas News nashri xabar berdi.

Agentlik Astrolab va Lunar Outpost kompaniyalari ishlab chiqqan transport vositalariga qariyb $220 millionlik shartnomalar ajratdi.

Rejaga ko‘ra, ushbu roverlar 2028-yildan boshlab Oy missiyalarida qo‘llanilishi mumkin. Ular nafaqat astronavtlarni tashish, balki yuk yetkazib berish, masofadan boshqariladigan operatsiyalarni amalga oshirish va kelajakdagi Oy bazalarini qurishda ham xizmat qiladi.

Astrolab’ning CLV-1 hamda Lunar Outpost’ning Pegasus roverlari tashqi ko‘rinishi jihatidan ixcham yo‘ltanlamas avtomobillarni eslatadi. Har ikki transport vositasi ikki nafar astronavtni olib yurishga mo‘ljallangan bo‘lib, inson tomonidan, masofadan turib yoki avtonom tarzda boshqarilishi mumkin.

Texnik tavsiflarga ko‘ra, CLV-1 soatiga 14 kilometrgacha, Pegasus esa 10 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. Shu bilan birga, ular 20 darajagacha bo‘lgan qiyaliklardan ko‘tarilish imkoniyatiga ega.

Pegasus modeli General Motors batareyasi bilan jihozlangan bo‘lib, bir zaryad bilan taxminan 900 kilometr masofani bosib o‘tishi mumkin. CLV-1 esa FLEX platformasi asosida yaratilgan bo‘lib, transportirovka qilish uchun ixcham holatga yig‘iladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Oy sharoitida transport vositalarining tezligi emas, balki ishonchliligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki Oy yuzasidagi abraziv chang, keskin harorat farqlari va ta’mirlash imkoniyatlarining cheklanganligi har qanday texnik nosozlikni jiddiy muammoga aylantirishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy 2030-yilgacha Oyga inson yuborish dasturi doirasida uch astronavtini kosmik stansiyaga yuborgani haqida yozgandi.