
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) 3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushirilgach, mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi 2,4 ming tonnadan 5 ming tonnagacha oshiriladi. Shavkat Mirziyoyevga mis sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarining borishi va istiqboldagi rejalar yuzasidan axborot berildi.
Taqdimotda $2,7 mlrdlik 3-mis boyitish fabrikasi loyihasining keyingi bosqichlarini ishga tushirish va ishlab chiqarish quvvatlarini rejalashtirilgan darajaga yetkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil mart oyida korxonaning birinchi navbati ishga tushirilgan. «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish dasturi doirasida barpo etilayotgan loyiha to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 60 mln tonna rudani qayta ishlash va qariyb 900 ming tonna mis konsentrati ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Taqdimotda yanchish sexidagi sharli tegirmonlar va flotatsiya liniyalarini bosqichma-bosqich to‘liq quvvatga chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Joriy yil yakuniga qadar rudani qayta ishlash hajmini oshirish, barcha asosiy texnologik zanjirlarni ishga tushirish va ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash vazifalari belgilandi.
Shuningdek, 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Hozirda loyiha uchun bazaviy injiniring hujjatlari tayyorlanib, qurilish maydonida yer ishlari va geologik burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OKMK ekologik qoidabuzarliklar uchun 48 mlrd so‘m tovon to‘lashi belgilangan edi.