Yangiliklar

Oliy sudda Komplayens nazorati xizmati tashkil etilishi mumkin

Yil yakunigacha sud tizimining korrupsiyaga qarshi barqarorlik diagnostikasi o‘tkaziladi
Sud
Oliy sudda Komplayens nazorati xizmati tashkil etilishi mumkin / Foto: Pexels.com

Sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmatini tashkil etish taklif qilindi. Shavkat Mirziyoyev sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Taklifga ko‘ra, Oliy sud tarkibida tashkil etiladigan Komplayens nazorati xizmati bevosita Oliy sud raisiga bo‘ysunadi. Tuzilma hududiy sudlarda faoliyat yuritadigan komplayens inspektorlarini ham qamrab oladi. Xizmat korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va bartaraf qilish, shuningdek, xodimlar tomonidan qonunchilik hamda kasb etikasi talablariga rioya etilishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.

Taqdimotda sud tizimida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan boshqa choralar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini tasdiqlash, ayrim jarayonlarni raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish, shuningdek, sudyalar hamda sud apparati xodimlarining daromad va mol-mulk deklaratsiyalarini topshirish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatlashtirilgan elektron tizimlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, korrupsiya va intizomiy buzilishlarga olib keluvchi xavflarni aniqlashga xizmat qiladigan elektron axborot tizimlarini ishga tushirish, sud apparatiga ishga qabul qilish tartibini ochiq tanlov va meritokratiya tamoyillari asosida yangilash taklif etildi. Nomzodlarning kasbiy bilimlari bilan birga ularning ma’naviy-axloqiy fazilatlari va halollik darajasini baholash mexanizmlari ham joriy qilinadi.

Bundan tashqari, 2026-yil yakuniga qadar sud tizimining korrupsiyaga qarshi barqarorligi bo‘yicha diagnostika o‘tkazish, sudyalikka nomzodlarning korrupsiyaga qarshi barqarorligini baholash amaliyotini joriy etish hamda sud apparati xodimlari uchun xizmat kiyimini tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-iyuldan sud boshqaruvchilariga maosh to‘lash tizimi bazaviy va KPI shakliga o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.