
O‘zbekistonda ilk bor yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etishga qaratilgan yangi ijtimoiy loyiha boshlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Tashabbus doirasida mamlakatning barcha hududlaridan 7 – 14 yoshdagi 1 295 nafar bola yozgi oromgohlarda dam oladi.
Loyihaga ko‘ra, bolalar kasaba uyushmalari tizimidagi oromgohlarda 12 kun davomida hordiq chiqarib, sog‘lomlashtirish va madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etadi. Ular boshqa tengdoshlari bilan bir xil sharoitlarda dam olishi orqali jamiyatga moslashish, yangi do‘stlar orttirish va ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tashabbus ishtirokchilari uchun yo‘llanmalar, transport va dam olish bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi.
Hozirda loyihaning birinchi bosqichi boshlangan bo‘lib, 1 062 nafar bola oromgohlarga yuborilgan va sog‘lomlashtirish dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bolalarni oromgohlarga olib borish uchun mingta avtobus tayyorlangani haqida yozgandi.