Yangiliklar

O‘zbekistonning Rossiyadan gaz importi 15 foizga oshdi

Gaz hajmining o‘sishi Qozog‘iston orqali tranzit hisobiga ta’minlangan
Rossiya gazi
Foto: gazprom.ru

2025-yilda O‘zbekistonga Rossiyadan yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi 15 foizga ko‘payib, qariyb 6,5 milliard kub metrga yetdi. Bu haqda Rossiyaning Gazprom kompaniyasi yillik hisobotida ma’lum qilgan, deya xabar berdi TASS nashri

Hisobotga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonga 5,64 milliard kub metr gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 6,48 milliard kub metrni tashkil etgan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, gaz yetkazib berish hajmining o‘sishi Qozog‘iston hududi orqali o‘tuvchi Markaziy Osiyo – Markaz magistral gaz quvuri orqali amalga oshirilgan. 2025-yilning so‘nggi choragida O‘zbekistonga gaz eksporti texnik imkoniyatlarning maksimal darajasida ta’minlangan.

Avvalroq Gazprom 2025-yilda Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga gaz yetkazib berish hajmi umumiy hisobda 22,2 foizga oshganini bildirgandi.

TASS yozishicha, O‘zbekiston va Gazprom o‘rtasida gaz xarid qilish bo‘yicha shartnoma 2023-yil iyun oyida imzolangan, Rossiya gazining respublikaga yetkazib berilishi esa o‘sha yilning oktabrida boshlangan. 2025-yil oktabrida Rossiya hukumati amaldagi shartnoma doirasida O‘zbekistonga yiliga 7,7 milliard kub metr gaz yetkazib berilishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston hukumati gaz transport tizimini modernizatsiya qilish orqali Rossiyadan gaz importi hajmini sezilarli darajada oshirishni ko‘zlamoqda. Loyihaga ko‘ra, import hajmini kuniga 9 million kub metrdan 32 million kub metrgacha yetkazish rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hindiston sanksiyalar sababli Rossiya gazidan voz kechgani haqida yozgandi.