
Armaniston parlament saylovlarida amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan boshchiligidagi «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi oldinga chiqdi. Bu haqda News.am xabar berdi.
Markaziy saylov komissiyasi 94% byulletenlar hisobidan so‘ng ushbu siyosiy kuch 50,07% ovoz olganini ma’lum qildi. Bu natija partiyani saylov poygasida yetakchi o‘ringa olib chiqdi.
Ikkinchi o‘rinda Samvel Karapetyan rahbarlik qilayotgan «Kuchli Armaniston» alyansi 23,35% ovoz bilan qayd etildi. Uchinchi natija esa sobiq prezident Robert Kocharyan bilan bog‘liq «Armaniston» blokiga tegishli bo‘lib, u 9,96% ovoz to‘plagan.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, yangi parlamentda asosan uchta siyosiy kuch vakillari bo‘lishi kutilmoqda.
Saylov natijalari rasmiy tasdiqlanishidan oldin Pashinyan o‘z jamoasi g‘alabasini e’lon qilgan va hukumatni mustaqil shakllantirish niyatini bildirgan edi. Bu esa muxolifat tomonidan turli tanqid va bahslarga sabab bo‘lgan.
Saylov 7-iyun kuni bo‘lib o‘tgan bo‘lib, unda 18 siyosiy kuch — 16 partiya va 2 alyans ishtirok etdi. Parlamentga o‘tish uchun belgilangan minimal ovoz chegaralari partiyalar, bloklar va alyanslar uchun turlicha belgilangan.
Armaniston parlamenti 105 deputatdan iborat bo‘lib, unda ayrim milliy ozchiliklar uchun ham o‘rinlar ajratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Armanistonda Nestle mahsulotining 10 tonnasi yo‘q qilingani haqida yozgandi.