Yangiliklar

Qoraqalpog‘istonda kripto kompaniyalar yig‘imlardan ozod qilinishi mumkin

Tegishli tashabbus Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
Foto: O‘zenergoinspeksiyasi

Qoraqalpog‘istonda faoliyat yuritayotgan kriptoaktivlar bozori ishtirokchilari uchun yig‘imlarni bekor qilish taklif etildi. Tegishli tashabbus Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, Besqala Mining Valley maxsus hududida ishlovchi mayning kompaniyalari, kriptobirjalar, kriptodepozitariylar va kripto-do‘konlar belgilangan yig‘imlarni to‘lashdan ozod etilishi mumkin. Taklif tasdiqlansa, yangi tartib darhol kuchga kiradi.

Hozirda ushbu faoliyat turlari uchun turli miqdordagi yig‘imlar amal qilmoqda. Eng yuqori to‘lov kriptobirjalar zimmasiga to‘g‘ri kelib, u 300 million so‘mdan ortiqni tashkil etadi. Maynerlar, kripto-do‘konlar va boshqa xizmat ko‘rsatuvchilar uchun ham alohida yig‘imlar belgilangan.

Besqala Mining Valley loyihasi Qoraqalpog‘istonda kriptovalyuta sanoatini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, unda «yashil» energiya manbalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zona rezidentlariga qator soliq va iqtisodiy imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qoraqalpog‘istonda kriptomayning uchun neft va gaz konlaridan foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.