
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining «Jartepa» chegara bojxona postida madaniy boyliklarni chetga olib chiqishga urinish holati aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Tekshiruv davomida xorijga yo‘l olgan fuqaroning avtomobil bagajida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ham ma’lum qilinmagan qadimiy qumg‘on, zargarlik buyumlari hamda idishlar topilgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu ashyolarni olib chiqish uchun tegishli ruxsatnoma mavjud bo‘lmagan. Ularning umumiy qiymati 34 mln so‘mni tashkil etadi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yasalganiga 50 yildan oshgan, tarixiy va madaniy ahamiyatga ega buyumlarni mamlakat hududidan olib chiqishga ruxsat berilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘mita tomonidan Buxoroda o‘rik qoqisi orasiga yashirilgan 13 kilogramm geroin fosh etilgan edi.