Yangiliklar

Toshkentda noto‘g‘ri joyda to‘xtagan avtomobillar evakuatsiya qilinmoqda

Mazkur transport vositalari ixtisoslashtirilgan jarima maydonchalariga joylashtiriladi
Toshkentda noto‘g‘ri joyda to‘xtagan avtomobillar evakuatsiya qilinmoqda / Foto: Toshkent shahar YHTEM

Toshkent shahrida yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash uchun noto‘g‘ri joylarda to‘xtagan va to‘xtab turgan avtomobillarni evakuatsiya qilish bo‘yicha nazorat kuchaytirildi. Bu haqda poytaxt YHTEM ma’lum qildi.

Amaliy kuzatuvlarga ko‘ra, shaharning ayrim hududlarida transport vositalari piyodalar yo‘laklari, piyodalar o‘tish joylari yaqinlari, jamoat transporti bekatlari, yashil hududlar hamda to‘xtash va to‘xtab turish taqiqlangan joylarda qoldirilmoqda. Bunday holatlar piyodalarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, jamoat transporti faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan Toshkent shahrida qoidabuzarlik bilan to‘xtatilgan avtomobillarni aniqlash va ularni belgilangan tartibda evakuatsiya qilish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Mazkur transport vositalari ixtisoslashtirilgan jarima maydonchalariga joylashtiriladi.

Ushbu chora-tadbirlar muntazam davom ettiriladi va kuchaytiriladi. Ta’kidlanishicha, asosiy maqsad jarima qo‘llash emas, balki shahar ko‘chalarida tartibni tiklash, piyodalar xavfsizligini ta’minlash hamda harakat ishtirokchilari uchun to‘siqsiz sharoit yaratishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxtda yo‘l harakatini tashkil etish markazi jamoat transporti bekatlarini modernizatsiya qilish qiymati bo‘yicha tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirgan edi.