Yangiliklar

Tramp Netanyahuni Eronga zarba bermaslikka chaqirdi

U Isroil rahbaridan diplomatiyaga ko‘proq vaqt berishni so‘ragan
Tramp Netanyahuni Eronga zarba bermaslikka chaqirdi
Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga Eronga javob zarbasi bermaslikni aytdi. Axios nashriga ko‘ra, Tramp yakshanba kuni Netanyahu bilan telefon orqali gaplashgan. U Isroil rahbaridan diplomatiyaga ko‘proq vaqt berishni so‘ragan.

Manbalarga ko‘ra, Tramp Eronning raketa hujumidan keyin Isroil javob qaytarmasligi kerakligini bildirgan. Tehron bu hujumni yakshanba kuni Bayrutdagi Isroil zarbasiga javob deb atagan.

AQSh rasmiysining aytishicha, Tramp ma’muriyati Isroilning Bayrutdagi zarbasiga «yashil chiroq» bermagan. Suhbat davomida Tramp Netanyahuga hozircha harbiy javobdan tiyilish kerakligini aytgan.

«Biz Eron bilan kelishuv bo‘yicha yaxshi natijaga yaqinmiz», – dedi Donald Tramp.

Axios manbasiga ko‘ra, Netanyahu bunga e’tiroz bildirgan. Biroq oxirida u javob zarbasini to‘xtatishga qisman rozi bo‘lgan. AQSh rasmiysi bu suhbat o‘tgan haftadagi keskin muloqotga qaraganda ancha sokin o‘tganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Netanyahuga ovozini ko‘tarmagan.

«Prezident biroz vaqt yutdi, deb o‘ylaymiz. U Eron bilan kelishuvga yaqin ekanimizga qat’iy ishonmoqda», – dedi AQSh rasmiysi.

Manbaning aytishicha, hozir Isroilning yaqin vaqt ichida Eronga zarba berishi kutilmayapti.

Tramp ma’muriyati Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik AQShning Tehron bilan muzokaralariga zarar yetkazmasligini istamoqda.

Avvalroq «Kursiv» AQSh va Eron Fors ko‘rfazida o‘zaro zarbalar bergani haqida yozgan edi.