Yangiliklar

Uy-joy qurilishidan minglab norozilik murojaatlari kelib tushdi — Raqobat qo‘mitasi

2025-yil davomida qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar yuzasidan 1 706 ta murojaat kelib tushgan
Golden House faoliyati yuzasidan mijozlar shikoyatlari ko‘paymoqda
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda qurilish va uy-joy xaridi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari soni ortib bormoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2025-yil davomida qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar yuzasidan 1 706 ta murojaat kelib tushgan. Joriy yilning dastlabki uch oyidayoq bunday murojaatlar soni qariyb mingtaga yetgan.

Murojaatlarda asosan qurilish sifatining talab darajasida emasligi, bajarilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi, quruvchilar tomonidan shartnoma majburiyatlarining buzilishi, uylarning o‘z vaqtida topshirilmasligi hamda zarur ruxsatnomalarsiz oldindan mablag‘ yig‘ilishi kabi holatlar tilga olinmoqda.

Shuningdek, ayrim qurilish obyektlarida texnik me’yorlarga mos kelmaydigan materiallardan foydalanilgani, reklamalarda va’da qilingan qulayliklar va loyihalarning amalda bajarilmagani ham e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga hali foydalanishga topshirilmagan uy-joylar uchun to‘lov qilishdan oldin shartnoma bandlarini sinchiklab o‘rganishni tavsiya qildi. Ayniqsa, qurilish muddati, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda majburiyatlar bajarilmagan taqdirda javobgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, quruvchi tashkilotlar qonunchilik talablariga rioya etishi shartligi, aks holda ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkinligi eslatib o‘tildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qurilishga ruxsat olish xarajatlari qisqartirilishi haqida yozgandi.