Yangiliklar

Wizz Air samolyotlarida Starlink interneti joriy etiladi

2027-yildan boshlab
Wizz Air samolyotlarida Starlink interneti joriy etiladi / Foto: Wikiwand

Wizz Air aviakompaniyasi samolyotlarida Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmatini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AeroTime nashri ma’lum qildi.

Rejaga ko‘ra, Wizz Air parkidagi barcha samolyotlar 2027-yildan Starlink tizimi bilan jihozlanadi va bu xizmat yo‘nalish yoki manzildan qat’i nazar bir xil sifatda taqdim etiladi.

So‘nggi yillarda bir qator aviakompaniyalar ham Starlink texnologiyasini joriy etish bo‘yicha kelishuvlar tuzgan. AQShda United Airlines, Southwest Airlines, Alaska Airlines va American Airlines ushbu loyihaga qo‘shilgan.

Yevropada esa IAG va Lufthansa Group kabi yirik operatorlar ham hamkorlik qilmoqda. Emirates esa 2025-yil noyabridan Boeing 777 samolyotlarida Starlinkni joriy etishni boshlashi va 2027-yil o‘rtalariga qadar to‘liq tatbiq etishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Starlink internetini joriy etadigan 37 ta aviakompaniya ro‘yxatini e’lon qilgan edik.