
Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini savdoga qo‘ygan MCHJ rahbari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida «B.G.» MCHJ rahbari «Yangiobod» MFY hududidagi savdo do‘konida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini sotuvga qo‘ygani aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, do‘konda 32 turdagi 312 dona alkogol mahsuloti qalbaki aksiz markasi bilan savdoga chiqarilgan. Ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent va Xorazmda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.