Yangiliklar

Yovvoyi ayiq sabab Yaponiyadagi 94 maktabda darslar to‘xtatildi

Hozircha ayiq qo‘lga olinmagan
Yaponiya ko‘chalarida ayiq paydo bo‘ldi, 94 ta maktab yopilgan / Foto: Reuters

Yaponiyaning Utsunomiya shahri ko‘chalarida tarixda ilk bor yovvoyi ayiq paydo bo‘ldi. Ehtiyot chorasi sifatida 94 ta maktabda darslar to‘xtatildi, deya xabar bermoqda Reuters.

Mahalliy hokimiyatga ko‘ra, ayiq 6-iyun kuni kechqurun park yaqinidagi turar joy hududida paydo bo‘lgan. Tokiodan qariyb 100 kilometr shimolda joylashgan shaharda bunday holat ilk marta uchramoqda.

Hayvon so‘nggi marta 8-iyun kuni ertalab o‘rta maktablardan biridan taxminan yarim kilometr uzoqlikda kuzatilgan. Hozircha ayiq qo‘lga olinmagan.

Shu sababli shahar boshqaruvi tasarrufidagi barcha 94 ta boshlang‘ich va o‘rta maktab faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Ma’lumot uchun, Yaponiyada so‘nggi yillarda ayiqlarning aholi punktlarida ko‘rinish berishi va hujumlari ko‘paymoqda. O‘tgan hafta Fukushima shahrida ayiq hujumi oqibatida kamida to‘rt kishi jarohat olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyadan O‘zbekistonga turistlar oqimi qariyb ikki baravar oshgani haqida yozgan edik.