
Andijon shahrida shifokorlar ishtirokida o‘tkazilgan murakkab tug‘uruq jarayonida to‘rt nafar egizak chaqaloq dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon viloyati filialiga Andijon shahridagi «G‘ayrat» MFYda yashovchi Odinaxon Muhammadjonova joriy yilning 2-iyun kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan qabul qilingan.
Oradan bir necha kun o‘tib, muddatidan oldingi tug‘uruq tashxisi bilan unga kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan.

Ma’lum qilinishicha, tug‘uruq jarayoni filialning akusher-ginekologlari, neonatologlari va reanimatologlari tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Natijada uch nafar o‘g‘il va bir nafar qiz chaqaloq dunyoga kelgan.
Birinchi chaqaloq o‘g‘il bo‘lib, uning vazni 2415 gramm, bo‘yi 44 santimetrni tashkil etdi. Ikkinchi o‘g‘il chaqaloq 1730 gramm vazn va 37 santimetr bo‘y bilan tug‘ildi.
Uchinchi chaqaloq ham o‘g‘il bo‘lib, uning vazni 2405 gramm, bo‘yi 44 santimetrni tashkil etdi. To‘rtinchi chaqaloq qiz bo‘lib, 1885 gramm vazn va 39 santimetr bo‘y bilan dunyoga keldi.
Hozirda ona va chaqaloqlar malakali tibbiyot xodimlari nazorati ostida bo‘lib, o‘zlarini yaxshi his qilayotgani bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025-yilda salkam 20 ming nafar egizak dunyoga kelgani haqida xabar bergan edik.