
O‘zbekistonda kelgusi besh yil ichida oltin zaxirasini qo‘shimcha 879 tonnaga oshirish rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev togʻ-kon sanoati va geologiya sohasiga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Unda qayd etilishicha, tog‘-kon sanoati va geologiya tarmog‘i mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. 2025-yilda jami sanoat mahsulotining 20 foizi ushbu soha korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgan, budjetga tushumlar esa 118,5 trln so‘mni tashkil etgan.
2025-yilda yirik tog‘-kon korxonalarida 7,3 trln so‘m operatsion xarajatlar tejalib, mahsulot tannarxi 9,1 foizga kamaygan. Shuningdek, «Geomonitoring» axborot tizimi orqali 2 mingdan ortiq qazilma uchastkasiga oid ma’lumotlar raqamlashtirilgan.
Kelgusi besh yilda oltin zaxirasini qo‘shimcha 879 tonnaga, kumushni 510 tonnaga va mis zaxirasini 676 ming tonnaga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bunga erishishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish ko‘zda tutilgan. Ular geologik ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, foydali qazilmalarni prognozlash, zaxiralarni aniq hisoblash va burg‘ilash ishlari samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Taqdimotda geologik xaritalar, qidiruv natijalari, burg‘ilash ma’lumotlari, laboratoriya tahlillari va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yagona elektron bazaga jamlash tashabbusi ham ilgari surildi. Shu maqsadda Geologik ma’lumotlar milliy bazasini yaratish va «Texnologik transformatsiya markazi»ni tashkil etish taklif qilindi. Natijada mavjud 36 mingdan ortiq hisobot va birlamchi ma’lumotlar raqamli shaklga o‘tkazilib, konlarni modellash hamda zaxiralarni hisoblash jarayonlari ikki barobar tezlashadi.
Shuningdek, 2026 – 2030-yillarda geologiya sohasi va oltita yirik korxonada — NKMK, OKMK, Navoiyuran, O‘zmetkombinat, O‘zbekko‘mir hamda O‘TMKda SI va raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan 44 ta loyiha amalga oshiriladi. Loyihalar ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, korporativ boshqaruvni raqamlashtirish, mehnat va sanoat xavfsizligini ta’minlash, kon-geologiya ishlarini transformatsiya qilishga qaratilgan.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, loyihalar natijasida operatsion samaradorlik 7 foizga, texnika va uskunalar ishonchliligi 20 foizga, energiya samaradorligi esa 8 foizga oshadi. Shu bilan birga, inson omili bilan bog‘liq xato va xavflar 15 foizga kamayishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OKMKda mis konsentrati ishlab chiqarish hajmi ikki barobardan ko‘proqqa oshirilishi haqida yozgan edik.